Sudyalar mustaqilligini amalda ta’minlash - davr talabi
O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida barcha davlat organlari faoliyatida demokratik tamoyillarni joriy etish, ularni yangi jamiyatning shiddatli islohotlari talablariga moslashtirish, zamonaviy tendensiyalar asosida ish samaradorligini ko‘tarishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, davlat hokimiyatining alohida mustaqil, muqim tarmog‘i bo‘lgan sud organlari faoliyatini tubdan demokratlashtirish, ochiq va shaffof tartib-taomillar asosida rivojlantirish maqsadida 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Davlatimiz rahbarining “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va unda belgilangan yangi vazifalar yuqorida aytib o‘tganimizdek, sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy prinsiplarni ta’minlashning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Farmonning amaliy ahamiyati shundaki, sudlar faoliyatini tashkil etish va uni boshqarish, sudyalar mustaqilligini amalda ta’minlash jarayonida muayyan vakolatlarga ega hamda bir-biridan o‘zaro mustaqil bo‘lgan sudyalar hamjamiyati organlarining o‘rni va rolini kengaytirishning huquqiy asoslari takomillashuviga olib keladi.
Shu bilan birga, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyati bilan bog‘liq xalqaro hujjatlarda belgilangan ilg‘or demokratik tamoyillarning milliy qonunchilikka singdirilishini ta’minlaydi. Har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va zarur kasbiy ko‘nikmalarga ega, malakali sudya kadrlarni tayyorlash, ular orasidan eng munosiblarini tanlash va sudyalik lavozimlariga tayinlashning ochiq, oshkora va shaffof mexanizmlarini joriy etish imkoniyatlarini oshiradi. Umuman, sudyalar hamjamiyati organlarining faoliyatini tartibga soladigan milliy qonunchilikni yangi, progressiv normalar bilan boyitib, ish dinamikasini oshiradi.
Biz uchun eng muhimi, Farmonda belgilangan vazifalar O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi professor-o‘qituvchilari jamoasiga ham bir qator mas’uliyatli vazifalarni yuklaydi.
Xususan, sud mustaqilligiga oid ilg‘or standartlarni joriy etish hamda sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan bo‘limning tegishli bandida sudyaning kasbiy faoliyatini baholashda “halollik”, “kasbiy layoqatlilik” va “sudyalik odobi qoidalariga rioya etish” talablarining aniq mezonlarini qonun darajasida belgilash vazifasi qo‘yilgan.
Bu akademiyaning asosiy maqsadi, ya’ni bo‘lajak sudyalarni tayyorlash bo‘yicha olti oylik o‘quv kurslarida tahsil olayotgan tinglovchilar (bo‘lajak sudyalar)ning, shuningdek, sudya va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish, rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada bo‘lgan sudyalarni qayta tayyorlash jarayonida ularning axloqiy yuksalishi, qalban ulg‘ayishi, vijdonan poklanishi, sudyaning ma’naviy kamolotini ta’minlovchi yangi, zamonaviy va ta’sirchan o‘quv qo‘llanmalarini yaratish va tizimli joriy etishni taqozo qiladi.
Buning uchun akademiyadagi har bir kafedra, har bir o‘qituvchi o‘zining kundalik faoliyatida yangicha yondashuv, ilmiy va pedagogik izlanishlar olib borishi lozim. Ayniqsa, Kasbiy ko‘nikmalar kafedrasi o‘qituvchilari yuksak axloqiy-irodaviy hamda kasbiy fazilatlarga ega, yuklatilgan vazifalar va amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali bajarilishini ta’minlashga qodir bo‘lgan kadrlarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash samaradorligini oshirishga amaliy ta’sir ko‘rsatadigan metodikalarni ishlab chiqishi va amaliyotga tatbiq etishi maqsadga muvofiq.
Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada oldimizga qo‘yilgan yana bir muhim vazifa borki, bu bugungi kunda xalqimiz kutayotgan adolatli qarorlar qabul qilishga har tomonlama qodir, irodasi mustahkam, yuksak kasb va ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lgan sud xodimlari tarkibini shakllantirish bilan izohlanadi. Shu ma’noda, o‘z sohasini yaxshi bilmaydigan, puxta kasb va hayot tajribasiga, yuksak ma’naviy-axloqiy saviyaga ega bo‘lmagan yurist kadrlar hech qachon sudya lavozimiga tayinlanmasligi, avvalo, Odil sudlov akademiyasi faoliyati samaradorligi bilan chambarchas bog‘liq, albatta.
Shundan kelib chiqib, bugungi jamiyatda sudyalarning ma’naviy-axloqiy fazilatlarini shakllantirishning yangi metodologiyasini ishlab chiqish bilan bog‘liq tadqiqotlarga bo‘lgan zaruriyat tobora kuchayib borayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Tabiiyki, ushbu zaruriyat sohada chuqur ilmiy-amaliy va nazariy yondashuvlar asosida fundamental tadqiqotlar olib borishni, qolaversa, sudyalarni tayyorlash jarayonida kasbiy bilim hamda ko‘nikmalari bilan birgalikda, ularning ma’naviy kamolotiga alohida e’tibor qaratishni talab etadi.
Hujjatda sud mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish borasida yangi vazifalar ham nazarda tutilgan. Adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qonunchilik normalarini sud mustaqilligiga oid xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqish masalalari shular jumlasidan. Bu ham akademiyaning sud sohasida yuksak malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish zaruriyatini vujudga keltiradi. Buning uchun Odil sudlov akademiyasi sud tizimida zamonaviy fikrlaydigan, halol va yuksak salohiyatli yangi avlod sudyalar korpusini shakllantirishga qaratilgan faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar belgilashi shart.
Akademiya tinglovchilariga sudning barcha yo‘nalishi — fuqarolik, jinoyat, ma’muriy yoki iqtisodiy ishlarni ko‘rishda haqiqiy holatni aniqlashi va amaldagi qonunlar asosida huquqiy baho berishi, o‘z qarorining nafaqat qonuniy va asoslantirilganligiga, balki adolatliligiga ham e’tiborli bo‘lishi zarur. Ana shundagina, jamoatchilikning sud organlariga nisbatan ishonchi ortib, jamiyatda sud chinakam adolat qo‘rg‘oniga aylanadi.
Umuman, mazkur Farmon va unda belgilangan vazifalar akademiyada o‘tkaziladigan o‘quv jarayonlarini yangi jamiyat qo‘yayotgan yuksak talablar — zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan amaliyotda foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, sud faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan to‘la ta’minlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazishning huquqiy asoslarini mustahkamlaydi.
Pirovard natijada sudyalarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish darajasi yangi bosqichga olib chiqilib, milliy sud tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish, malakali va ma’naviy yetuk sudyalar korpusining shakllanishida muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.
Sherzod Abduqodirov,
O‘zbekiston Respublikasi
Odil sudlov akademiyasi rektori,
yuridik fanlari doktori
(Manba: "Xalq so‘zi" gazetasi, 2025 yil 8 dekabr.)
Boshqa yangiliklar
-
2026 yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”: islohotlarning yangi bosqichi
-
Законом Республики Узбекистан от 15 января 2026 года № 1114 внесены изменения и дополнения в некоторые законодательные акты.
-
Судебно-правовые реформы, определённые в Послании Президента: единство теории и практики
-
Законом Республики Узбекистан от 15 января 2026 года № 1112 в Уголовно-исполнительный кодекс Республики Узбекистан внесены изменения и дополнения.