2026 yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”: islohotlarning yangi bosqichi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2025 yil 26 dekabr kuni Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi mamlakat taraqqiyotida mahalla institutiga berilgan strategik ahamiyatning yaqqol ifodasidir. Mazkur yil doirasida mahallani faqatgina hududiy boshqaruv bo‘g‘ini sifatida emas, balki jamiyatning ijtimoiy, ma’naviy va iqtisodiy tayanch instituti sifatida rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilandi. Aholining dardu tashvishini joyida hal etish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va fuqarolik faolligini oshirishda mahallaning mas’uliyati yanada kengayishi ta’kidlandi.
2026 yildan boshlab mamlakat bo‘ylab 9 mingdan ortiq mahallada infratuzilmani tubdan yaxshilash rejalashtirilgan bo‘lib, yo‘llar, ichimlik suvi, elektr ta’minoti, jamoat transporti, ta’lim va sog‘liqni saqlash ob’ektlari hamda yashil hududlar bir butun tizim sifatida yangilanadi. Bu ishlar parchalangan holda emas, balki kompleks yondashuv asosida amalga oshirilib, mahallalardagi asosiy muammolarni bir vaqtning o‘zida hal etishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, har bir viloyatda 2–3 tadan tuman tanlab olinib, ulardagi barcha mahallalar to‘liq qayta quriladi, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi rivojlantiriladi hamda ushbu maqsadlar uchun 8,5 trln so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Murojaatnomada mahalliy vakillik organlarining roliga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mahallalarni obodonlashtirishda deputatlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida har bir saylov okrugiga 500 mlrd so‘m, har bir deputat tashabbusiga esa qo‘shimcha 330 mln so‘m ajratilishi belgilandi. Bu orqali mahalliy muammolarni joyida hal etish, aholi manfaatlarini to‘liqroq ifoda etish va deputatlarning javobgarligini oshirishga erishiladi.
2026 yildan tuman byudjetlarini mustaqillashtirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar mahalliy moliyaviy boshqaruvda tub burilish yasaydi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i tushumining ma’lum qismi hududlarda qoldirilishi, rejadan ortiq tushgan daromadlarning 50 foizini tuman byudjetlariga o‘tkazish, yer ijarasi va bozorlardan tushgan daromadlarni mahalliy darajada saqlab qolish orqali tuman byudjetlarida taxminan 5 trln so‘mlik qo‘shimcha manbalar shakllanadi. Mazkur mablag‘lar bevosita mahallalar infratuzilmasini yaxshilash va aholining kundalik muammolarini hal etishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, 2026 yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trln so‘m to‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyatlarga ajratilishi belgilandi. Ushbu mablag‘lar ish o‘rinlari yaratadigan, aholining daromadini oshirishga xizmat qiladigan aniq va manzilli loyihalarga yo‘naltirilib, byudjet mablag‘larining loyiha asosida sarflanishi samaradorlik va shaffoflikni ta’minlaydi. “Mahallada sanoat va xizmat” dasturi doirasida 10 mingdan ortiq ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish, 100 mingta yangi ish o‘rni yaratish hamda 360 ming nafar aholini band qilish rejalashtirilgani mahallaning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Jamiyatni yuksaltirish iqtisodiy o‘sish bilan bir qatorda inson kapitaliga investitsiya kiritishni ham talab etadi. Shu bois mahallalarda sport infratuzilmasini rivojlantirish, ayniqsa xotin-qizlarni jismoniy faollikka jalb etish uchun 1 trln so‘m ajratilishi, shuningdek, yoshlar kitobxonligini oshirish maqsadida maktab kutubxonalarini har yili 10 million nusxa badiiy kitob bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, mahalla tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, raqamli yechimlarni joriy etish, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ijtimoiy xizmatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish orqali jamiyat barqarorligi va aholi farovonligini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, 2026 yilga shunday nom berilishi mahallaning davlat va jamiyat o‘rtasidagi bog‘lovchi ko‘prik sifatidagi rolini mustahkamlab, fuqarolarning faol ishtirokiga tayanadigan adolatli, ochiq va taraqqiy etgan jamiyatni barpo etishga qaratilgan strategik qaror ekanini anglatadi.
Foziljon Otaxonov,
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi
professori, yuridik fanlar doktori
Boshqa yangiliklar
-
By the Law of the Republic of Uzbekistan dated 15 January 2026 No. 1112, amendments and additions were introduced to the Criminal Enforcement Code of the Republic of Uzbekistan.
-
By the Law of the Republic of Uzbekistan dated 15 January 2026 No. 1114, amendments and additions were introduced to some legislative acts
-
Sudyalar mustaqilligini amalda ta’minlash - davr talabi
-
Judicial and Legal Reforms Outlined in the Presidential Address: The Unity of Theory and Practice