Akademiya haqida

O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi — odil sudlov sohasi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni kasbiy qayta tayyorlash, sudyalar hamda sud apparati xodimlarining malakasini oshirishga ixtisoslashgan ta’lim va ilmiy-uslubiy muassasadir.

Akademiya faoliyati sud-huquq sohasida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, amaliyotga yaqinlashtirilgan o‘qitish usullarini joriy etish, kadrlarni xalqaro standartlar va zamonaviy talablar asosida tayyorlashga qaratilgan.

Tarixi

Akademiya Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi negizida tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 avgustdagi PF–141-son Farmoniga muvofiq, Akademiya sudyalar korpusini tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirishga xizmat qiladigan muhim institut sifatida belgilangan.

Faoliyati

Akademiya sud-huquq sohasidagi islohotlar, qonunchilikning yangilanib borishi va sud tizimida zamonaviy bilim hamda amaliy ko‘nikmalarga ega kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib faoliyat yuritadi.

Akademiyada ta’lim jarayoni amaliyotga yaqin formatda tashkil etilib, zamonaviy o‘qitish metodlari, tahliliy keyslar, treninglar va interaktiv mashg‘ulotlar orqali tinglovchilarning kasbiy salohiyati, huquqiy madaniyati va kasb etikasiga rioya etish ko‘nikmalari shakllantiriladi.

Shuningdek, Akademiya sud-huquq sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, o‘quv-uslubiy materiallar va tahliliy tavsiyalar tayyorlash, ilmiy-amaliy anjumanlar, seminarlar hamda davra suhbatlarini tashkil etish orqali soha rivojiga xizmat qiladi.