Umumiy ma'lumot
ODIL SUDLOV SOHASIDA YUQORI MALAKALI KADRLAR TAYYORLASHNING ZAMONAVIY, UZLUKSIZ VA INSTITUTSIONAL MODELI
O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlar davlat hokimiyatini tashkil etishning demokratik prinsiplarini mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan izchil va tizimli siyosatning mantiqiy davomi hisoblanadi. Sud hokimiyatining mustaqilligi va samaradorligi esa, eng avvalo, sudyalar korpusining kasbiy tayyorgarligi, ma’naviy-axloqiy fazilatlari hamda zamonaviy huquqiy fikrlash darajasi bilan uzviy bog‘liqdir.
Shu nuqtai nazardan, odil sudlov sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish, uni yangi sifat bosqichiga olib chiqish zarurati ob’ektiv ehtiyoj sifatida shakllandi. Mazkur ehtiyoj O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 avgustdagi PF–141-son “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Farmonida o‘z ifodasini topdi. Ushbu Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi negizida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi tashkil etildi.
Odil sudlov akademiyasining tashkil etilishi milliy sud tizimida kadrlar tayyorlash sohasida sifat jihatidan mutlaqo yangi institutsional modelni joriy etishga qaratilgan tarixiy qaror sifatida baholanadi. Akademiya faqatgina ta’lim muassasasi emas, balki sud-huquq siyosati, ilmiy-tadqiqot, amaliyot va innovatsiyalarni o‘zida mujassam etgan yagona markaz sifatida faoliyat yuritadi.
Akademiya tashkil etilgunga qadar sudyalikka nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sud apparati xodimlarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish vazifalari Sudyalar oliy maktabi tomonidan amalga oshirilgan. 2019–2025 yillar davomida mazkur muassasa tomonidan sudya kadrlarni tayyorlash sohasida muayyan ijobiy natijalarga erishildi. Jumladan, magistratura yo‘nalishini 680 nafar tinglovchi tamomlagan bo‘lib, ularning katta qismi sudyalik lavozimlariga tayinlangan. Shu bilan birga, minglab sudyalar va sud apparati xodimlari qisqa muddatli malaka oshirish kurslaridan o‘tgan .
Biroq amaliyot shuni ko‘rsatdiki, sud tizimi oldida turgan yangi vazifalar sudya tayyorlashning an’anaviy shakllari bilan cheklanib qolishga imkon bermaydi. Sudya nafaqat huquq normalarini bilishi, balki murakkab protsessual vaziyatlarda mustaqil qaror qabul qila olishi, psixologik barqarorlikka ega bo‘lishi, inson taqdiri bilan bog‘liq qarorlarni adolat va qonun ustuvorligi tamoyillari asosida qabul qilishi lozim. Ana shu omillar Odil sudlov akademiyasi faoliyatining konseptual asosini tashkil etdi.
Akademiya faoliyatining markazida ta’lim, ilm-fan va sud amaliyotining uzviy integratsiyasi turadi. Ta’lim jarayoni “bo‘lajak sudyani sudya o‘qitadi” degan fundamental g‘oyaga asoslangan holda tashkil etilgan. “Ustoz–shogird” tamoyili doirasida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan amaldagi sudyalar o‘qituvchi sifatida jalb etiladi. Bu esa nazariy bilim bilan amaliyot o‘rtasidagi uzilishni bartaraf etib, tinglovchilarda real sud faoliyatiga mos kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish imkonini beradi .
Odil sudlov akademiyasida ta’lim jarayoni zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga tayanadi. Asosiy e’tibor tinglovchilarda tahliliy va tanqidiy fikrlash, huquqiy holatlarga kompleks yondashish, qonun normalarini aniq va bir xilda qo‘llash, protsessual hujjatlarni huquqiy jihatdan puxta tayyorlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. Shu maqsadda ta’lim jarayoni “nazariya – amaliyot – imitatsiya” tamoyili asosida dual ta’lim shaklida tashkil etilmoqda .
Dual ta’lim doirasida tinglovchilar nafaqat nazariy mashg‘ulotlarda ishtirok etadi, balki real sud majlislarini kuzatadi, sudyaning har bir protsessual harakatini tahlil qiladi, protsess ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganadi. Shuningdek, maxsus jihozlangan sud zallarida sud jarayonlarining imitatsiyasi o‘tkazilib, tinglovchilar sudya, prokuror, advokat, da’vogar, javobgar, guvoh kabi rollarda ishtirok etadi. Bu usul kasbiy ko‘nikmalarni nazariy emas, amaliy yo‘l bilan shakllantirish imkonini beradi.
Akademiyada “virtual sud” mashg‘ulotlarining joriy etilishi ta’lim jarayonida innovatsion yondashuvlarning yana bir yorqin namunasidir. Virtual sud orqali tinglovchilar sud jarayonlarini real vaqt rejimida kuzatish, sud qarorlarini tahlil qilish, protsessual hujjatlarni tayyorlash hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa sudyalarning raqamli transformatsiya sharoitida samarali faoliyat yuritishga tayyorgarligini oshiradi .
2025 yil 1 oktyabrdan boshlab sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash Akademiyaning olti oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslari orqali amalga oshirilmoqda. Ushbu kurslarga qabul qilish jarayoni ochiqlik, shaffoflik va xolislik tamoyillari asosida ko‘p bosqichli tartibda o‘tkaziladi. Tanlov davomida nomzodlarning huquqiy bilimlari, ma’naviy sifatlari, kasbiy layoqati hamda psixologik barqarorligi kompleks ravishda baholanadi .
Akademiyada sudyalar va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish tizimi ham yangi mazmun bilan boyitildi. Sudyalarning lavozim muddati, faoliyat samaradorligi va reyting ko‘rsatkichlaridan kelib chiqqan holda davriy malaka oshirish majburiy tartibda joriy etildi. Bu tizim sudyalarning o‘z bilim va ko‘nikmalarini doimiy ravishda yangilab borishiga, qonunchilikdagi o‘zgarishlarga tez moslashishiga xizmat qiladi .
Akademiya faoliyati doirasida rahbar kadrlarni tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Tuman, shahar va viloyat sudlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada bo‘lgan sudyalar maxsus qayta tayyorlash kurslaridan o‘tishi belgilangan. Bu esa sud tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish, rahbar lavozimlarga tayyor va malakali kadrlarni tayinlashga xizmat qiladi.
Odil sudlov akademiyasida ta’lim jarayonining muhim tarkibiy qismi sifatida sudyalik kasbining ma’naviy-axloqiy asoslarini shakllantirish masalalari qamrab olingan. Halollik, xolislik, beg‘arazlik, qonunga sadoqat, korrupsiyaga murosasiz munosabat kabi qadriyatlar tinglovchilar ongiga chuqur singdiriladi. Bu esa sudya faoliyatida faqat huquqiy emas, balki yuksak axloqiy mezonlarni ta’minlashga xizmat qiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Akademiyada “Sud faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha amaliy magistratura dasturini joriy etish rejalashtirilgan. Ushbu dastur amaliyotga yo‘naltirilgan mazmunga ega bo‘lib, sud-huquq sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi milliy sud tizimida kadrlar tayyorlashning zamonaviy, uzluksiz va xalqaro standartlarga mos institutsional modelini shakllantirdi. Akademiya faoliyati sud mustaqilligini mustahkamlash, sudyalar korpusining kasbiy salohiyatini oshirish va jamiyatda odil sudlovga bo‘lgan ishonchni yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bu esa mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash va adolatni qaror toptirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi .