Kasbiy qayta tayyorlash
Kasbiy qayta tayyorlash kurslari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 avgustdagi “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–141-son Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi negizida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi (keyingi o‘rinlarda – Akademiya) tashkil etildi.
Farmondan kelib chiqib, Akademiyada sud tizimi uchun har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va zarur kasbiy ko‘nikmalarga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish; sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudya va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish, rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada bo‘lgan sudyalarni qayta tayyorlash, ta’lim oluvchilarda sudyalik kasbiy madaniyatini shakllantirishga qaratilgan dasturlarni joriy etish; sudyalarda mustaqil, xolis, beg‘araz, faqat qonunga tayangan holda va adolat bilan ish yuritishning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan interfaol o‘qitish uslublarini ta’lim jarayoniga tatbiq etish; ularda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni shakllantirish, ta’lim jarayonida korrupsiyaga qarshi kurashish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini joriy qilish; sudyalik lavozimlariga nomzodlar, sudya va sud apparati xodimlarida zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan amaliyotda foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish tizimli yo‘lga qo‘yilmoqda.
Akademiyada sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash olti oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslarida (keyingi o‘rinlarda — kasbiy qayta tayyorlash kurslari) davlat granti asosida sud ixtisosliklari bo‘yicha tashkil etiladi.
Qayta tayyorlash kursiga qabul teng huquqlilik, ochiqlik, shaffoflik prinsiplari va adolatli tanlov asosida amalga oshirilib, kirish sinovlarida yuqori ball to‘plagan talabgorlarning qabul qilinish huquqi ta’minlanadi.
Qayta tayyorlash kursiga kurs tamomlanishi arafasida o‘ttiz besh yoshga to‘ladigan, oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan va yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida yetti yillik ish stajiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi qabul qilinadi.
Lavozimi bo‘yicha mansab darajasi yoki martaba darajasi berish nazarda tutilgan quyidagi xodimlarning mehnat faoliyati yuridik ixtisoslik bo‘yicha mehnat staji sifatida inobatga olinadi:
sudda sudya yordamchisi, devonxona va arxiv mudiri, konsultantlar, boshqarma va bo‘lim boshliqlari;
huquqni muhofaza qiluvchi, surishtiruv organlari va ularning muassasalari mas’ul xodimlari;
advokatlar, davlat organlari, shuningdek tashkilotlarning yuridik xizmati xodimlari, notariuslar va ularning yordamchilari hamda ixtisoslashgan davlat oliy ta’lim muassasalarining huquqshunoslik fani o‘qituvchilari.
Talabgorning ixtisosligi bo‘yicha ish staji oliy yuridik ma’lumot to‘g‘risidagi diplom berilgan vaqtdan, agar diplom xorijiy davlatda berilgan bo‘lsa, u belgilangan tartibda tan olingan (nostrifikatsiya qilingan) vaqtdan keyingi ishlagan davri bo‘yicha hisobga olinadi.
Talabgorlarni qabul qilish quyidagi sud ixtisosliklari bo‘yicha amalga oshiriladi:
fuqarolik;
jinoiy;
iqtisodiy;
ma’muriy.
Qayta tayyorlash kursiga kirishda talabgorlar quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:
– Qayta tayyorlash kursi ixtisosligi yo‘nalishini hamda test topshiradigan xorijiy tilni ko‘rsatgan holda Akademiya rektori nomiga ariza;
- shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID shaxs guvohnomasi) nusxasi;
– ma’lumotnoma-ob’ektivka (yozma va elektron shaklda);
– tayanch oliy yuridik ma’lumot to‘g‘risidagi bakalavr diplomi (ta’lim yo‘nalishi: yurisprudensiya; ta’lim shifri: 5240100 yoki 5380100) va ilovasining asli va nusxasi yoki tashkilotning kadrlar bo‘limida tasdiqlangan nusxalari, agar diplom tan olingan (nostrifikatsiya qilingan) bo‘lsa, bu haqdagi hujjat nusxasi (bunda diplomning asli nusxasi bilan solishtirilib, egasiga qaytariladi);
– mehnat daftarchasining notarial tasdiqlangan yoki tashkilotning kadrlar bo‘limida tasdiqlangan nusxasi yoki my.gov.uz interaktiv xizmatlari orqali olingan va maxsus kod (QR-kod) mavjud bo‘lgan elektron nusxasi;
– O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2022 yil
17 yanvardagi 16-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan shakldagi odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklar va jismoniy nuqsonlar yo‘qligi haqidagi tibbiy ma’lumotnoma (086/1 shakl).
Taqdim etilgan hujjatlarning to‘g‘ri rasmiylashtirilganligi, to‘liqligi va haqqoniyligi uchun talabgor shaxsan javobgar hisoblanadi.
Ariza va hujjatlar viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar sudyalari malaka hay’atlari yoki bevosita Qabul komissiyasiga yozma shaklda taqdim etilishi mumkin.
Kirish sinovlari to‘rt bosqichdan, ya’ni psixologik, chet tillari (ingliz, fransuz va nemis tili) va sud ixtisosligidan test sinovlaridan o‘tkazish hamda Sudyalar oliy kengashi tomonidan tashkil etiladigan idoralararo komissiya tomonidan o‘tkaziladigan yozma imtihon va yakka tartibdagi suhbatdan iborat.