Yangiliklar

...

Prezident Murojaatnomasida belgilangan sud-huquq islohotlari: nazariya va amaliyot uyg‘unligi

  So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida sud-huquq tizimini isloh qilish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojatnomasida sud hokimiyatining mustaqilligini mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, odil sudlovga erishish mexanizmlarini yanada takomillashtirish masalalari alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Murojaatnomada sud hokimiyati mustaqilligi huquqiy davlat barpo etishning asosiy shartlaridan biri sifatida qayd etildi. Sudyalarning faoliyatiga har qanday noqonuniy aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, ularning moddiy va ijtimoiy kafolatlarini kuchaytirish, kadrlarni tanlash va tayinlash jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash masalalari muhim vazifa sifatida belgilab berildi. Bu borada sudyalikka nomzodlarni tanlashda kasbiy bilim, hayotiy tajriba va yuksak ma’naviy fazilatlarga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Sudyaning mustaqilligi nafaqat qonun bilan, balki uning shaxsiy daxlsizligi va kasbiy barqarorligi bilan ham ta’minlanishi lozim. Prezident Murojaatnomasida oddiy fuqaro uchun sudga murojaat qilish oson, qulay va adolatli bo‘lishi shartligi alohida uqtirildi. Shu nuqtai nazardan, sud jarayonlarini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish muhim yo‘nalish sifatida belgilandi. Ayniqsa, elektron sudlov tizimini takomillashtirish orqali ishlarni ko‘rish muddatlarini qisqartirish, inson omili ta’sirini kamaytirish va shaffoflikni ta’minlash sud-huquq tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga olib keladi. Shuningdek, Murojaatnomada jinoyat sudlovi sohasida inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalasi markaziy o‘rin tutdi. Ayniqsa, shaxsni asossiz jinoiy ta’qibdan himoya qilish, himoya huquqini to‘liq kafolatlash, dalillarni baholashda qonun ustuvorligini ta’minlash masalalari dolzarb vazifalar sifatida qayd etildi. Bu yo‘nalishda aybsizlik prezumpsiyasiga qat’iy rioya etish, tergov va sud bosqichlarida qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik sudya va huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldida turgan muhim mas’uliyatdir. Odil sudlov akademiyasi tinglovchilari uchun bu masalalar kelgusida kasbiy faoliyatda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Prezident Murojaatnomasida fuqarolik va ma’muriy sud ishlari orqali davlat organlari faoliyati ustidan samarali sud nazoratini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi. Bu fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilishda sudlarning rolini yanada oshirishni taqozo etadi. Ma’muriy sudlar faoliyatida “davlat – fuqaro” munosabatlarida adolat va qonuniylikni ta’minlash, davlat organlarining noqonuniy qarorlarini bekor qilish orqali huquqiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Murojaatnomada sud-huquq tizimini isloh qilishda malakali kadrlar tayyorlash hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, Odil sudlov akademiyasi tizimida ta’lim mazmunini zamonaviy talablarga moslashtirish, amaliy ko‘nikmalarga asoslangan o‘quv dasturlarini joriy etish muhim hisoblanadi. Ayniqsa sudyalikka nomzodlarni tayyorlashda ularning mantiqiy fikrlashi, tizimli tahlil, qonuniy qarorlar qabul qilish va akademik yozuvlarga asoslanish muhim ahamiyatga ega. Prezidentning 2026 yilgi Murojaatnomasida sud-huquq tizimi bo‘yicha belgilangan vazifalar huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgan tizimli islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Sud hokimiyati mustaqilligi, inson huquqlarini ishonchli himoya qilish, sudlovning shaffof va samarali mexanizmlarini joriy etish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridir. Sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, sudyalar korpusining kasbiy va ma’naviy salohiyatini oshirish, sudlov jarayonlarida shaffoflik va adolatni ta’minlash orqali fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini kuchaytirish Murojaatnomada belgilangan asosiy maqsadlardan biridir. Ayniqsa, inson huquq va erkinliklarini sud orqali ishonchli himoya qilish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab berilgani sud-huquq islohotlarining insonparvar mohiyatini yaqqol namoyon etadi. Shu bilan birga, jinoyat, fuqarolik va ma’muriy sud ishlarini yuritishda qonun ustuvorligini ta’minlash, prosessual kafolatlarni kuchaytirish, raqamli sudlov tizimini rivojlantirish orqali odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish muhim vazifalar sifatida qayd etildi. Bu esa sud amaliyotida inson omili bilan bog‘liq salbiy holatlarni kamaytirish, qarorlarning qonuniyligi va asosliligini oshirishga xizmat qiladi. Akademik nuqtai nazardan, Prezident Murojaatnomasi Odil sudlov akademiyasi tinglovchilari uchun muhim rahbariy, nazariy-amaliy manba hisoblanadi. U kelgusida sudya, prokuror yoki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida faoliyat yuritadigan mutaxassislar uchun kasbiy mas’uliyat, qonunga sadoqat va inson taqdiri oldidagi javobgarlikni chuqur anglash zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bilan bir qatorda, Akademiya tinglovchilari uchun mazkur Murojaatnoma nafaqat siyosiy hujjat, balki kelgusidagi kasbiy faoliyatda amal qilish lozim bo‘lgan muhim dasturilamal sifatida xizmat qiladi. Sud-huquq sohasida faoliyat yurituvchi har bir mutaxassis ushbu ustuvor yo‘nalishlarni chuqur anglab, amaliyotga tatbiq etishga hissa qo‘shishi zarur. Xulosa qilib aytganda, Prezident Murojaatnomasida sud-huquq tizimi bo‘yicha belgilangan vazifalar nafaqat normativ-huquqiy bazani takomillashtirishni, balki sudlov madaniyatini, huquqiy tafakkurni va adolatga bo‘lgan jamiyat ishonchini yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan. Ushbu ustuvor yo‘nalishlarni izchil amalga oshirish sud-huquq tizimining samaradorligini oshirishga, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga hamda O‘zbekistonda haqiqiy huquqiy davlat barpo etishga xizmat qiladi.   Odil sudlov akademiyasi Kasbiy ko‘nikmalar kafedrasi o‘qituvchisi, f.f.f.d. Najmidinova Nilufar Yuldoshovna
Batafsil
...

2026 yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”: islohotlarning yangi bosqichi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2025 yil 26 dekabr kuni Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi mamlakat taraqqiyotida mahalla institutiga berilgan strategik ahamiyatning yaqqol ifodasidir. Mazkur yil doirasida mahallani faqatgina hududiy boshqaruv bo‘g‘ini sifatida emas, balki jamiyatning ijtimoiy, ma’naviy va iqtisodiy tayanch instituti sifatida rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilandi. Aholining dardu tashvishini joyida hal etish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va fuqarolik faolligini oshirishda mahallaning mas’uliyati yanada kengayishi ta’kidlandi. 2026 yildan boshlab mamlakat bo‘ylab 9 mingdan ortiq mahallada infratuzilmani tubdan yaxshilash rejalashtirilgan bo‘lib, yo‘llar, ichimlik suvi, elektr ta’minoti, jamoat transporti, ta’lim va sog‘liqni saqlash ob’ektlari hamda yashil hududlar bir butun tizim sifatida yangilanadi. Bu ishlar parchalangan holda emas, balki kompleks yondashuv asosida amalga oshirilib, mahallalardagi asosiy muammolarni bir vaqtning o‘zida hal etishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, har bir viloyatda 2–3 tadan tuman tanlab olinib, ulardagi barcha mahallalar to‘liq qayta quriladi, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi rivojlantiriladi hamda ushbu maqsadlar uchun 8,5 trln so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Murojaatnomada mahalliy vakillik organlarining roliga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mahallalarni obodonlashtirishda deputatlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida har bir saylov okrugiga 500 mlrd so‘m, har bir deputat tashabbusiga esa qo‘shimcha 330 mln so‘m ajratilishi belgilandi. Bu orqali mahalliy muammolarni joyida hal etish, aholi manfaatlarini to‘liqroq ifoda etish va deputatlarning javobgarligini oshirishga erishiladi. 2026 yildan tuman byudjetlarini mustaqillashtirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar mahalliy moliyaviy boshqaruvda tub burilish yasaydi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i tushumining ma’lum qismi hududlarda qoldirilishi, rejadan ortiq tushgan daromadlarning 50 foizini tuman byudjetlariga o‘tkazish, yer ijarasi va bozorlardan tushgan daromadlarni mahalliy darajada saqlab qolish orqali tuman byudjetlarida taxminan 5 trln so‘mlik qo‘shimcha manbalar shakllanadi. Mazkur mablag‘lar bevosita mahallalar infratuzilmasini yaxshilash va aholining kundalik muammolarini hal etishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, 2026 yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trln so‘m to‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyatlarga ajratilishi belgilandi. Ushbu mablag‘lar ish o‘rinlari yaratadigan, aholining daromadini oshirishga xizmat qiladigan aniq va manzilli loyihalarga yo‘naltirilib, byudjet mablag‘larining loyiha asosida sarflanishi samaradorlik va shaffoflikni ta’minlaydi. “Mahallada sanoat va xizmat” dasturi doirasida 10 mingdan ortiq ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish, 100 mingta yangi ish o‘rni yaratish hamda 360 ming nafar aholini band qilish rejalashtirilgani mahallaning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Jamiyatni yuksaltirish iqtisodiy o‘sish bilan bir qatorda inson kapitaliga investitsiya kiritishni ham talab etadi. Shu bois mahallalarda sport infratuzilmasini rivojlantirish, ayniqsa xotin-qizlarni jismoniy faollikka jalb etish uchun 1 trln so‘m ajratilishi, shuningdek, yoshlar kitobxonligini oshirish maqsadida maktab kutubxonalarini har yili 10 million nusxa badiiy kitob bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, mahalla tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, raqamli yechimlarni joriy etish, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ijtimoiy xizmatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish orqali jamiyat barqarorligi va aholi farovonligini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda. Xulosa qilib aytganda, 2026 yilga shunday nom berilishi mahallaning davlat va jamiyat o‘rtasidagi bog‘lovchi ko‘prik sifatidagi rolini mustahkamlab, fuqarolarning faol ishtirokiga tayanadigan adolatli, ochiq va taraqqiy etgan jamiyatni barpo etishga qaratilgan strategik qaror ekanini anglatadi.   Foziljon Otaxonov, O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi professori, yuridik fanlar doktori  
Batafsil
...

Sudyalar mustaqilligini amalda ta’minlash - davr talabi

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida barcha davlat organlari faoliyatida demokratik tamoyillarni joriy etish, ularni yangi jamiyatning shiddatli islohotlari talablariga moslashtirish, zamonaviy tendensiyalar asosida ish samaradorligini ko‘tarishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, davlat hokimiyatining alohida mustaqil, muqim tarmog‘i bo‘lgan sud organlari faoliyatini tubdan demokratlashtirish, ochiq va shaffof tartib-taomillar asosida rivojlantirish maqsadida 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va unda belgilangan yangi vazifalar yuqorida aytib o‘tganimizdek, sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy prinsiplarni ta’minlashning mantiqiy davomi bo‘ldi. Farmonning amaliy ahamiyati shundaki, sudlar faoliyatini tashkil etish va uni boshqarish, sudyalar mustaqilligini amalda ta’minlash jarayonida muayyan vakolatlarga ega hamda bir-biridan o‘zaro mustaqil bo‘lgan sudyalar hamjamiyati organlarining o‘rni va rolini kengaytirishning huquqiy asoslari takomillashuviga olib keladi. Shu bilan birga, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyati bilan bog‘liq xalqaro hujjatlarda belgilangan ilg‘or demokratik tamoyillarning milliy qonunchilikka singdirilishini ta’minlaydi. Har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va zarur kasbiy ko‘nikmalarga ega, malakali sudya kadrlarni tayyorlash, ular orasidan eng munosiblarini tanlash va sudyalik lavozimlariga tayinlashning ochiq, oshkora va shaffof mexanizmlarini joriy etish imkoniyatlarini oshiradi. Umuman, sudyalar hamjamiyati organlarining faoliyatini tartibga soladigan milliy qonunchilikni yangi, progressiv normalar bilan boyitib, ish dinamikasini oshiradi. Biz uchun eng muhimi, Farmonda belgilangan vazifalar O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi professor-o‘qituvchilari jamoasiga ham bir qator mas’uliyatli vazifalarni yuklaydi. Xususan, sud mustaqilligiga oid ilg‘or standartlarni joriy etish hamda sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan bo‘limning tegishli bandida sudyaning kasbiy faoliyatini baholashda “halollik”, “kasbiy layoqatlilik” va “sudyalik odobi qoidalariga rioya etish” talablarining aniq mezonlarini qonun darajasida belgilash vazifasi qo‘yilgan. Bu akademiyaning asosiy maqsadi, ya’ni bo‘lajak sudyalarni tayyorlash bo‘yicha olti oylik o‘quv kurslarida tahsil olayotgan tinglovchilar (bo‘lajak sudyalar)ning, shuningdek, sudya va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish, rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada bo‘lgan sudyalarni qayta tayyorlash jarayonida ularning axloqiy yuksalishi, qalban ulg‘ayishi, vijdonan poklanishi, sudyaning ma’naviy kamolotini ta’minlovchi yangi, zamonaviy va ta’sirchan o‘quv qo‘llanmalarini yaratish va tizimli joriy etishni taqozo qiladi. Buning uchun akademiyadagi har bir kafedra, har bir o‘qituvchi o‘zining kundalik faoliyatida yangicha yondashuv, ilmiy va pedagogik izlanishlar olib borishi lozim. Ayniqsa, Kasbiy ko‘nikmalar kafedrasi o‘qituvchilari yuksak axloqiy-irodaviy hamda kasbiy fazilatlarga ega, yuklatilgan vazifalar va amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali bajarilishini ta’minlashga qodir bo‘lgan kadrlarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash samaradorligini oshirishga amaliy ta’sir ko‘rsatadigan metodikalarni ishlab chiqishi va amaliyotga tatbiq etishi maqsadga muvofiq. Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada oldimizga qo‘yilgan yana bir muhim vazifa borki, bu bugungi kunda xalqimiz kutayotgan adolatli qarorlar qabul qilishga har tomonlama qodir, irodasi mustahkam, yuksak kasb va ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lgan sud xodimlari tarkibini shakllantirish bilan izohlanadi. Shu ma’noda, o‘z sohasini yaxshi bilmaydigan, puxta kasb va hayot tajribasiga, yuksak ma’naviy-axloqiy saviyaga ega bo‘lmagan yurist kadrlar hech qachon sudya lavozimiga tayinlanmasligi, avvalo, Odil sudlov akademiyasi faoliyati samaradorligi bilan chambarchas bog‘liq, albatta. Shundan kelib chiqib, bugungi jamiyatda sudyalarning ma’naviy-axloqiy fazilatlarini shakllantirishning yangi metodologiyasini ishlab chiqish bilan bog‘liq tadqiqotlarga bo‘lgan zaruriyat tobora kuchayib borayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Tabiiyki, ushbu zaruriyat sohada chuqur ilmiy-amaliy va nazariy yondashuvlar asosida fundamental tadqiqotlar olib borishni, qolaversa, sudyalarni tayyorlash jarayonida kasbiy bilim hamda ko‘nikmalari bilan birgalikda, ularning ma’naviy kamolotiga alohida e’tibor qaratishni talab etadi. Hujjatda sud mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish borasida yangi vazifalar ham nazarda tutilgan. Adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qonunchilik normalarini sud mustaqilligiga oid xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqish masalalari shular jumlasidan. Bu ham akademiyaning sud sohasida yuksak malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish zaruriyatini vujudga keltiradi. Buning uchun Odil sudlov akademiyasi sud tizimida zamonaviy fikrlaydigan, halol va yuksak salohiyatli yangi avlod sudyalar korpusini shakllantirishga qaratilgan faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar belgilashi shart. Akademiya tinglovchilariga sudning barcha yo‘nalishi — fuqarolik, jinoyat, ma’muriy yoki iqtisodiy ishlarni ko‘rishda haqiqiy holatni aniqlashi va amaldagi qonunlar asosida huquqiy baho berishi, o‘z qarorining nafaqat qonuniy va asoslantirilganligiga, balki adolatliligiga ham e’tiborli bo‘lishi zarur. Ana shundagina, jamoatchilikning sud organlariga nisbatan ishonchi ortib, jamiyatda sud chinakam adolat qo‘rg‘oniga aylanadi. Umuman, mazkur Farmon va unda belgilangan vazifalar akademiyada o‘tkaziladigan o‘quv jarayonlarini yangi jamiyat qo‘yayotgan yuksak talablar — zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan amaliyotda foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, sud faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan to‘la ta’minlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazishning huquqiy asoslarini mustahkamlaydi. Pirovard natijada sudyalarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish darajasi yangi bosqichga olib chiqilib, milliy sud tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish, malakali va ma’naviy yetuk sudyalar korpusining shakllanishida muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.   Sherzod Abduqodirov, O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi rektori, yuridik fanlari doktori(Manba: "Xalq so‘zi" gazetasi, 2025 yil 8 dekabr.)  
Batafsil