Prezident Murojaatnomasida belgilangan sud-huquq islohotlari: nazariya va amaliyot uyg‘unligi

07.01.2026 / 09:27
18
#

  So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida sud-huquq tizimini isloh qilish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojatnomasida sud hokimiyatining mustaqilligini mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, odil sudlovga erishish mexanizmlarini yanada takomillashtirish masalalari alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

Murojaatnomada sud hokimiyati mustaqilligi huquqiy davlat barpo etishning asosiy shartlaridan biri sifatida qayd etildi. Sudyalarning faoliyatiga har qanday noqonuniy aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, ularning moddiy va ijtimoiy kafolatlarini kuchaytirish, kadrlarni tanlash va tayinlash jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash masalalari muhim vazifa sifatida belgilab berildi. Bu borada sudyalikka nomzodlarni tanlashda kasbiy bilim, hayotiy tajriba va yuksak ma’naviy fazilatlarga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Sudyaning mustaqilligi nafaqat qonun bilan, balki uning shaxsiy daxlsizligi va kasbiy barqarorligi bilan ham ta’minlanishi lozim.

Prezident Murojaatnomasida oddiy fuqaro uchun sudga murojaat qilish oson, qulay va adolatli bo‘lishi shartligi alohida uqtirildi. Shu nuqtai nazardan, sud jarayonlarini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish muhim yo‘nalish sifatida belgilandi. Ayniqsa, elektron sudlov tizimini takomillashtirish orqali ishlarni ko‘rish muddatlarini qisqartirish, inson omili ta’sirini kamaytirish va shaffoflikni ta’minlash sud-huquq tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga olib keladi.

Shuningdek, Murojaatnomada jinoyat sudlovi sohasida inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalasi markaziy o‘rin tutdi. Ayniqsa, shaxsni asossiz jinoiy ta’qibdan himoya qilish, himoya huquqini to‘liq kafolatlash, dalillarni baholashda qonun ustuvorligini ta’minlash masalalari dolzarb vazifalar sifatida qayd etildi. Bu yo‘nalishda aybsizlik prezumpsiyasiga qat’iy rioya etish, tergov va sud bosqichlarida qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik sudya va huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldida turgan muhim mas’uliyatdir. Odil sudlov akademiyasi tinglovchilari uchun bu masalalar kelgusida kasbiy faoliyatda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Prezident Murojaatnomasida fuqarolik va ma’muriy sud ishlari orqali davlat organlari faoliyati ustidan samarali sud nazoratini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi. Bu fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilishda sudlarning rolini yanada oshirishni taqozo etadi.

Ma’muriy sudlar faoliyatida “davlat – fuqaro” munosabatlarida adolat va qonuniylikni ta’minlash, davlat organlarining noqonuniy qarorlarini bekor qilish orqali huquqiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Murojaatnomada sud-huquq tizimini isloh qilishda malakali kadrlar tayyorlash hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, Odil sudlov akademiyasi tizimida ta’lim mazmunini zamonaviy talablarga moslashtirish, amaliy ko‘nikmalarga asoslangan o‘quv dasturlarini joriy etish muhim hisoblanadi. Ayniqsa sudyalikka nomzodlarni tayyorlashda ularning mantiqiy fikrlashi, tizimli tahlil, qonuniy qarorlar qabul qilish va akademik yozuvlarga asoslanish muhim ahamiyatga ega.

Prezidentning 2026 yilgi Murojaatnomasida sud-huquq tizimi bo‘yicha belgilangan vazifalar huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgan tizimli islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Sud hokimiyati mustaqilligi, inson huquqlarini ishonchli himoya qilish, sudlovning shaffof va samarali mexanizmlarini joriy etish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridir.

Sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, sudyalar korpusining kasbiy va ma’naviy salohiyatini oshirish, sudlov jarayonlarida shaffoflik va adolatni ta’minlash orqali fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini kuchaytirish Murojaatnomada belgilangan asosiy maqsadlardan biridir. Ayniqsa, inson huquq va erkinliklarini sud orqali ishonchli himoya qilish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab berilgani sud-huquq islohotlarining insonparvar mohiyatini yaqqol namoyon etadi.

Shu bilan birga, jinoyat, fuqarolik va ma’muriy sud ishlarini yuritishda qonun ustuvorligini ta’minlash, prosessual kafolatlarni kuchaytirish, raqamli sudlov tizimini rivojlantirish orqali odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish muhim vazifalar sifatida qayd etildi. Bu esa sud amaliyotida inson omili bilan bog‘liq salbiy holatlarni kamaytirish, qarorlarning qonuniyligi va asosliligini oshirishga xizmat qiladi.

Akademik nuqtai nazardan, Prezident Murojaatnomasi Odil sudlov akademiyasi tinglovchilari uchun muhim rahbariy, nazariy-amaliy manba hisoblanadi. U kelgusida sudya, prokuror yoki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida faoliyat yuritadigan mutaxassislar uchun kasbiy mas’uliyat, qonunga sadoqat va inson taqdiri oldidagi javobgarlikni chuqur anglash zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bilan bir qatorda, Akademiya tinglovchilari uchun mazkur Murojaatnoma nafaqat siyosiy hujjat, balki kelgusidagi kasbiy faoliyatda amal qilish lozim bo‘lgan muhim dasturilamal sifatida xizmat qiladi. Sud-huquq sohasida faoliyat yurituvchi har bir mutaxassis ushbu ustuvor yo‘nalishlarni chuqur anglab, amaliyotga tatbiq etishga hissa qo‘shishi zarur.

Xulosa qilib aytganda, Prezident Murojaatnomasida sud-huquq tizimi bo‘yicha belgilangan vazifalar nafaqat normativ-huquqiy bazani takomillashtirishni, balki sudlov madaniyatini, huquqiy tafakkurni va adolatga bo‘lgan jamiyat ishonchini yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan. Ushbu ustuvor yo‘nalishlarni izchil amalga oshirish sud-huquq tizimining samaradorligini oshirishga, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga hamda O‘zbekistonda haqiqiy huquqiy davlat barpo etishga xizmat qiladi.

 

Odil sudlov akademiyasi Kasbiy ko‘nikmalar

kafedrasi o‘qituvchisi, f.f.f.d.

Najmidinova Nilufar Yuldoshovna